Qadimdan qoraqalpoqlar orasida uyda paxtadan, yungdan, oz miqdorda ipakdan kiyimlar to’qish urf bo’lgan. To’qimachilik bilan asosan ayollar shug’ullanishgan. Ular kalava-ipni dukda (urshik) yoki qo’lda ip yigiradigan charx sharikda qilishgan va ingichka to’qiydigan dastgohda (ormek) yoki oyoqda boshqariladigan dastgohda (kozak) to’qishgan.
To’qimachilik bo’yoqlari o’simlik bo’yoqlari-boyaular bilan bo’yalgan. Sariq rang- jiyda (jida) po’stlog’i, qizilmiya (boyan), tut yoki o’rik daraxti ildizi, tamarisk (jingil) gulidan kukunidan olingan. Qizg’ish rang esa tut barglaridan, qizil rang esa- sho’rtuproq o’simligi (tomar)dan olingan. Kalavani ko’k rangga bo’yash uchun, nil (indigo) bo’yog’i Buxoro, Samarqand, G’arbiy Osiyo va Hindistondan olib kelingan.
Qadimda, mahsulotlar uzoqroq xizmat qilishi, silliqligi va rangini saqlab turishi, kamroq chang va yog’ tushishi uchun, paxtadan tayyorlangan oq matolarni jugar yormali suvda qaynatishgan, rangli matolarni esa kraxmal (more-basiu) bilan pardozlashgan.
To’qimachi ayollar paxtadan -bir xil rangdagi surp, yo’l-yo’l alasha, katak-katak shatirash kabi matolar, yupqa tuya yungidan -qimmat movut shal, shuningdek, echki va qo’y yungidan ham matolar tayyorlashgan.
Qoraqalpog’istonning janubiy tumanlari aholisi oz miqdorda ipak (jipek) gazlamalarini ishlab chiqargan. To’q-qizil rangli, ingichka oq chiziqli jipek (ipak) asosan, ayollarning keng choponlari- jegde (yoshlar uchun) va bashang choponlar-shapan (erkak va ayollar uchun)larni to’qish uchun ishlatilgan.
Nihoyat, qoraqalpoq ayollari naqshli palos gazlamalarini va gilam mahsulotlarini tayyorlashgan. Hozirgi kunda, Ormek stanogida qo’lda to’qish ana’nasi qayta tiklanmoqda. Ayollar va qizlar ushbu stanok yordamida yurta uchun gilamlar va naqshli gilam matolarini to’qishmoqda.