Qoraqalpog‘iston - qadimiy madaniyat zamini. Bu yerda juda ko‘p qadimgi va o‘rta asrlarga oid yodgorliklar saqlanib qolgan. Qo‘yqirilganqal’a nomi “qiriligan qo‘ylar qal’asi” degan ma’noni anglatadi. Qal’a Qoraqalpog ‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi To‘rtko‘l shahridan 30 km shimoli-sharqda joylashgan.
Qal’a 1938-yilda Xorazm ekspeditsiyasi arxeologlari tomonidan tasodifan topilgan. Ularni qal’aning Xorazmda shu paytgacha uchramagan qurilish uslubi hayratda qoldirdi. Dastlab u shinaklar va minorali qo‘sh halqa devor bilan mustahkamlangan ikki qavatli dumaloq bino bo‘lgan. To‘qqiz minorali mudofaa devori mustahkam istehkom vazifasini o‘tagan. Paxsa inshoot juda katta edi: markaziy binoning diametri 42 m, eng yaxshi saqlanib qolgan qismining balandligi taxminan 8 m, butun inshootning diametri esa 90 m.
Olimlar mazkur qal’a Qadimgi Xorazmning o‘sha vaqtda ma’lum bo‘lgan yodgorliklaridan eng qadimiysi - eramizdan avvalgi IV-III asrlarga oid yodgorlik ekanligini aniqlashga muvaffaq bo‘ldilar. Markaziy bino tadqiq qilinganda, qurilish jarayonida qadimgi me’morlar binodan astronomik kuzatuvlar uchun foydalanish imkonini beradigan hisob-kitoblarga asoslangani aniqlandi. Bino loyihasida kuzatuv imkoniyatlari uning derazalari joylashuvida namoyon bo‘lgan. Arxeologik qazishmalar joyidan topilgan topilmalar olimlarga Qo‘yqirilganqal’a hududida astronomik kuzatishlar va marosimlar o‘tkazilgan ibodatxona-qabriston bo‘lgan, degan xulosaga kelish uchun zamin yaratdi. Qo‘yqirilganqal’a ibodatxonasining yulduz timsoli Fomalgautning eng yorqin va alohida e’tibordagi yulduzlaridan biri edi.
1950-yilda qal’a xarobalarida qazishmalarning yangi bosqichi boshlandi. Natijada qal’a o‘z taraqqiyoti davomida ikki bosqichni bosib o‘tganligi ma’lum bo‘ldi. Ilk bosqich miloddan avvalgi IV-III asrlarga tegishli bo‘lsa, qal’a hayotining ikkinchi davri milodiy I asrlarga to‘g‘ri keladi. Rivojlanishning dastlabki bosqichlarida qal’aning markaziy qismi yong‘in natijasida vayron bo‘lgan. U tasodifiy yoki qasddan sodir bo‘ldimi, hozirgacha jumboq bo‘lib qolmoqda.
Qo‘yqirilganqal’a kuchli, yaxshi mustahkamlangan qal’a bo‘lib, bir necha mudofaa devorlariga ega bo‘lgan, ular vaqt o‘tishi bilan vayronaga aylangan, devorlarning faqat kichik bir qismigina saqlanib qolgan. Bunday istehkomlar Xorazmning antik va ilk o‘rta asrlardagi barcha yodgorliklari uchun xosdir.
Arxeologlarning tadqiqotlariga ko‘ra, qirilib ketgan qo‘ylar qal’asi - qadimgi Xorazm davlatchiligining eng qadimgi yodgorliklaridan biri, ibodatxona majmuasi. Qal’a aholisi suv ma’budasi Anaxita va quyosh xudosi Siyovushga sig‘inuvchi zardushtiylar edi. Qo‘yqirilganqal’a markaziy majmuasining g‘arbiy qismi ma’buda Anaxita sharafiga, sharq va janubga qaragan qismi esa quyosh xudosi Siyovush sharafiga qurilgan, bu haqda ma’budalar tasviri tushirilgan haykalchalar va idishlarning parchalari dalolat beradi.
Qo‘yqirilganqal’aning tarixi ming yilliklar bilan o‘lchanadi. Qazishmalar vaqtida antik san’at asarlarining boy kolleksiyasi: alebastr va terrakota haykalchalari, tosh muhrlar, sopol suv idishlari topildi. O‘rta Osiyodagi eng qadimgi Avesto sivilizatsiyasi yozuvining devoriy suratlari va yodgorliklari alohida ahamiyatga ega. Bu yerda O‘rta Osiyoning eng qadimgi sopol idishlari va ossuariylarining qoldiqlari topilgan.
Qo‘yqirilganqal’adan topilgan sopol haykalchali ossuariylarning bir qismi hozirgi kunda O‘zbekiston xalqlari davlat muzeyi va I.V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida saqlanadi.
Qo‘yqirilganqal’a tarixi hamon insoniyat uchun jumboq bo‘lib kelmoqda va Qadimgi Xorazmning boshqa qal’alari orasida qurilish uslubining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi.