OQCHAXON QAL’ASI - IKKI MING YIL OLDINGI VOQEALARNING GUVOHI

1956-yilda Xorazm arxeologik-etnografik ekspeditsiyasi tomonidan Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanida joylashgan Oqchaxon qal’asi (Qozoqli-yatqon) yodgorligi ochildi. Amudaryoning o‘ng sohilidagi eng yirik arxeologik yodgorlik 40 gektardan ortiq maydonni egallagan. Bir vaqtlar bu qadimiy Xorazm davlatining gullab-yashnagan vohasi bo‘lib, markazlashgan sun’iy sug‘orish tizimiga ega bo‘lgan.

Oqchaxon qal’asini o‘rganish 1995-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot instituti va Sidney universiteti (Avstraliya) qo‘shma arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan boshlangan. Ekspeditsiyaga professorlar Vadim Nikolaevich Yagodin va Elison Betts boshchilik qildi. Tadqiqotchilar miloddan avvalgi VI asrning birinchi yarmida davlat Ahamoniylar davlati tarkibidan chiqqandan so‘ng aynan Oqchaxon qal’a shaharchasi qadimgi Xorazmning poytaxti bo‘lgan, degan taxminni ilgari surganlar.

Oqchaxon qal’a shaharchasi ikki qismga bo‘lingan: pastki shahar va maydonning kamida to‘rtdan bir qismini egallagan yuqori shahar (yoki “muqaddas shahar”). Shahar kuchli mudofaa tizimiga ega edi. Himoya zovurining kengligi 35 metrni tashkil etgan.

Shahar devori protexizma - asosiy mudofaa inshootiga parallel ravishda qurilgan devorga ega edi. Shunday qilib, ikki devor o‘rtasida “o‘lim yo‘lagi” hosil bo‘lgan. Dushmanlar unga tushib qolib, shahar himoyachilari uchun yengil nishonga aylangan. Shahar devorining o‘zi uch darajaga bo‘lingan va shaxmat tartibida joylashgan ikki qator shinaklar bilan jihozlangan. Shaharga kirish labirint orqali amalga oshirilib, dushman tuzoqqa tushib qolgan va shinaklardan har taraflama o‘qqa tutilgan.

Qal’a ichida turar-joy va ish xonalari joylashgan. Kanalizatsiya va oqava suvlar uchun quvurlarning mavjudligi bu yerda yashagan odamlarning yuqori darajada rivojlanganligidan dalolat beradi. Shaharning o‘zi hokimiyat markazi bo‘lgan, bu haqda ko‘priklar g‘ishtining terilish uslubi dalolat beradi. G‘ishtlar turli viloyatlardan keltirilgan va har bir viloyat ularga o‘z tamg‘asini qoldirgan.

Arxeologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, shahar xarobalari hududida maqbara, diniy-marosim majmuasi va bir nechta noma’lum obyektlar bo‘lgan. Maqbara muqaddas shahar markazida joylashgan bo‘lib, tadqiqotchilarning taxminiga ko‘ra, Siyovushiylar sulolasi asoschisi dafn etilgan.

Diniy marosimlar majmuasining tarkibiy qismlaridan biri 60x60 m o‘lchamdagi bino bo‘lib, ichki devor yo‘laklari mavjud. U umumiy uzunligi taxminan 1 km bo‘lgan uch qator devor bilan o‘ralgan. Devorlarning tashqi tomonlari alebastr bilan suvalgan. Yo‘lakning sharqiy devorida odam yetaklab ketayotgan beshta turli rangdagi otlardan iborat marosim tasviri topilgan.

2006-yilda yo‘lakning shimoliy qismida, vayronalar va qatlamlar orasida bir vaqtlar devorlarda joylashgan ko‘p rangli portret tasvirlarining ko‘plab parchalari topilgan. Arxeologlar yo‘lakning bu qismini portret galereyasi deb nomlaganlar.

Sharqiy devorning butun sirti bir uslubda ishlangan portretlar bilan bezatilgan: tanasi old tomonga, boshi esa chapga yoki o‘ngga yo‘naltirilgan profilda tasvirlangan.

Hozirgi vaqtda kolleksiyada 54 ta rasm parchasi mavjud. 10 ta qahramonga toj va ko‘p o‘ramli grivna ko‘rinishidagi shoh hokimiyatining atributlari berilgan. Qahramonlarning 44 nafari bosh kiyimsiz tasvirlangan. faqat Birgina  portret bo‘yi baravar  ishlangan, bu ushbu shaxsning eng yuqori maqomidan dalolat beradi. Ehtimol, bu odam sulola asoschisi bo‘lgandir.

Bino ichida diniy marosimlar o‘tkaziladigan qizil mehrob joylashgan. Bu yerdan fil suyagidan yasalgan mebel parchalari, idish-tovoq va sopol haykal parchalari topilgan.

Ibodat-marosim majmuasi yonida ustunlarning tosh poydevori topilgan. Professor V.N. Yagodin ustunlar taxt zali vazifasini o‘tovchi yuz ustunli zalning bir qismi bo‘lgan, degan taxminni ilgari surgan.

Shahar xarobasining ulkan ko‘lami va monumental arxitekturasi olimlarga qadimgi Xorazmning eng qadimgi poytaxtlaridan biri aynan shu yerda bo‘lgan, deb taxmin qilishga asos bo‘lgan.

Sirli shahar boy va qudratli bo‘lishiga qaramay, quyi shaharning mudofaa devori qurilishi tugallanmay qolgan. Ko‘p sonli ko‘chmanchi qabilalar bu yerga urushlar olib kelib, o‘zlaridan keyin asta-sekin qumlar qa’riga singib ketgan  vayronalarni  qoldirib kelganlar.