Biosfera reservati

Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati - yovvoyi tabiat vohasi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatiga 2011-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati, BMT Taraqqiyot dasturi va Global ekologik fondning “To‘qay o‘rmonlarini saqlash” qo‘shma loyihasi doirasida, 1971-yilda tashkil etilgan Baday-Toʻgʻay qoʻriqxonasi bazasida asos solingan.

Qo‘riqxona Amudaryoning quyi oqimida va Qoratov tog‘ tizmalarida joylashgan keng tekis maydonni o‘z ichiga oladi. Xorazm viloyatining Gurlan tumani, Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy va Amudaryo tumanlari bilan chegaradosh.

Biosfera rezervatining maydoni 68717,8 gektar bo‘lib, shundan 11568,3 gektari qo‘riqxona hududi, 6731,4 gektari bufer hududi va 50418,1 gektari oraliq hudud hisoblanadi.

Qo‘riqxona hududi qat’iy muhofaza qilinadigan hudud hisoblanadi. Bu biosfera rezervatining markazi bo‘lib, uning maydonining 50 foizi to‘qay o‘rmonlaridan iborat. Qo ‘riqxonaning o‘simlik va hayvonot dunyosi juda boy. Oʻrmonlarda sut emizuvchilarning 36 turi: Buxoro bugʻusi, yovvoyi choʻchqa, tulki, shoqol, boʻrsiq, katta quloqli tipratikan, ondatra, oʻrmon mushugi kabilar yashaydi.

Qushlarning 243 dan ortiq turlari, jumladan, koʻchib yuruvchi qushlar: qirgʻovul, chumchuq, qora qirg ‘iy, oq qanotli qizilishton, tojdor sa’va, tustovuq va boshqalar, shuningdek, sudralib yuruvchilarning 24 turini uchratish mumkin.

Qo ‘riqxona florasi 419 turdagi o‘simliklarni o‘z ichiga oladi, ular orasida ozuqabop, dorivor, efir moyli o‘simliklar va boshqalar mavjud.

Bufer zonasi qo ‘riqxona hududini o‘rab turadi. Biosfera rezervatining maʼmuriy binosi Beruniy tumanidagi “Oltinsoy” posyolkasida joylashgan.

To‘qay o‘rmonining o‘ziga xosligi, o‘simlik va hayvonot dunyosining xilma-xilligi, Amudaryoning yaqinligi, madaniy meros obyekti – qadimiy Jampiqqal’a manzilgohining mavjudligi biosfera rezervati hududida ekoturizmni rivojlantirish uchun qulay sharoit hosil qiladi.

Shu maqsadda bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun bir qancha yo ‘nalishlar ishlab chiqilgan:

1-yo‘nalish. Biosfera rezervati ma’muriy binosidagi muzeyga tashrif. Buxoro bug ‘ulari boqiladigan maydonchaga tashrif. Amudaryo landshafti, to‘qay o‘rmonining o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan tanishish, Buxoro bug‘ulari populyatsiyasini tabiiy muhitda kuzatish. Yo‘nalishning umumiy uzunligi 1,5-2 km.

2-yo‘nalish. Biosfera rezervatidagi muzeyga tashrif buyurish, Amudaryo landshafti, to‘qay o‘rmonining o‘simlik va hayvonot dunyosi bilan tanishish. Yo‘nalishning umumiy uzunligi
10 - 12 km.

3-yo ‘nalish. Qadimgi Jampiqqal’a manzilgohiga tashrif (miloddan avvalgi IV asr - milodiy XIV asr). O ‘rta asrlarda mazkur joy port shahri bo‘lib xizmat qilgan. Bugungi kunda ko‘rish mumkin bo‘lgan devorlar IX-X asrlarda qurilgan.

Jampiqqal’a mavjud bo‘lgan davrning oxirgi bosqichi eramizning XII-XIV asrlari hisoblanadi.

Bufer hududiga tutash joy o‘tish joyi hisoblanadi. Bu yerda hudud ekologiyasiga zarar yetkazmagan holda xo‘jalik ishlari olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervatida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining “Qizil kitobi” va O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kiritilgan Buxoro bug‘ulari populyatsiyasini asrab-avaylash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Buxoro bugʻusi (Cervus elaphus bactrianus) qoʻriqxonaning o‘ziga xos iftixori hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tomonidan bu go‘zal jonivorni yovvoyi tabiatda asrab-avaylash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirda u eng katta populyatsiyani o‘z ichiga oladi, 1976-yilda 21 bosh bug‘u bo‘lgan bo‘lsa, 2024-yilda ularning soni taxminan 1566 boshgacha ko‘paygan.

Oʻtgan asrning birinchi yarmida Buxoro bugʻulari Amudaryo, Sirdaryo va Orol dengizi sohillarida qamishzorlar va toʻqay oʻrmonlarida yashagan. Dengizning qurishi, daryolarda suvning kamayishi, chakalakzorlarning yo‘q bo‘lib ketishi va toʻqaylardagi daraxtlarning kesilishi, yongʻinlar, brakonyerlik natijasida XX asrning ikkinchi yarmida Buxoro bugʻularining soni keskin kamayadi. Ular tabiiy yashash joylaridan chekina boshlaydilar.

Yovvoyi tabiatda hammasi bo‘lib to‘rt mingdan kamroq qolgan Buxoro bug‘usi to‘rtta davlatda: Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekistonda yashaydi. Hayvonlarning eng koʻp soni Oʻzbekistonda saqlanib qolgan, bugʻularning eng katta guruhi Qoraqalpogʻistondagi Quyi Amudaryo biosfera rezervati hududida yashaydi.

Biosfera rezervatining asosiy vazifasi toʻqay landshaftlarini tiklash, noyob faunani, shu jumladan butunlay yoʻqolib ketish xavfi ostida turgan kamyob faunani saqlab qolishdan iborat. Oʻsimlik va hayvonot dunyosini muhofaza qilish hozirgi va kelajak avlodlar manfaatlarini koʻzlab amalga oshiriladi. Sayyoramiz flora va faunasining turlar xilma-xilligi va genofondini saqlab qolish bizning burchimizdir, chunki faqat shu tarzdagina Yerda tabiat va insoniyat birgalikda barqaror yashashi mumkin.