“Milliy PR-markazi” DUK Ozarbayjon Respublikasi Turizm byurosi bilan hamkorlikda loyihada ishtirok etish uchun sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida tanlov e’lon qiladi

Ushbu loyiha ikki mamlakatning tarixiy va madaniy merosini birlashtiruvchi yagona sayyohlik yo‘nalishini ishlab chiqish bo‘yicha strategik hamkorlikka qaratilgan. Asosiy maqsad Markaziy Yevropa bozoriga mo‘ljallangan qo‘shma sayyohlik marshrutini yaratish orqali Ipak yo‘lining Boku, Shemaxa, Sheki, Xiva, Buxoro va Samarqand kabi muhim tarixiy joylarini aniqlash va targ‘ib qilishdir. Ozarbayjon va O‘zbekistonning sayyohlik resurslari Yevropada birgalikda targ‘ib qilish uchun “Joint Silk Road Highlights Tour” yagona loyihasiga birlashtiriladi.

O‘zbekiston va Ozarbayjon turoperatorlari uchun ikkita vebinar tashkil etiladi, unda turizm sohasi vakillari har bir ishtirokchi mamlakatning loyihasi va turistik mahsulotlari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

28-avgust - O‘zbekistonlik turoperatorlar uchun Ozarbayjonga bag‘ishlangan vebinar;

5-sentyabr - Ozarbayjonlik turoperatorlar uchun O‘zbekistonga bag‘ishlangan vebinar.

Ushbu loyiha doirasida joriy yilning oktyabr oyida (sanalar tasdiqlanmoqda) Frankfurt (Germaniya), Vena (Avstriya), Syurix (Shveysariya), Budapesht (Vengriya), Praga (Chexiya) va Barselona (Ispaniya) kabi shaharlarda road-shou o‘tkazilishi ham rejalashtirilgan.

Shu munosabat bilan, manfaatdor sayyohlik kompaniyalari va tashkilotlarini mazkur tadbirlarda ishtirok etishga taklif etamiz. Qo‘shimcha ma’lumot uchun (+998 78) 129-09-90 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki foreignprojects@nationalprcentre.com elektron pochtasi orqali bog‘lanishingiz mumkin.

Shuningdek, quyidagi mezonlarga mos keluvchi ishtirokchilar ustuvorlikka ega bo‘lishiga e’tiboringizni qaratmoqchimiz:

- Turizm sohasida kamida 5 yillik ish tajribasi.

- Kasbiy mavqe: tashkilotda qaror qabul qilish vakolatiga ega bo‘lgan mansabdor shaxs

- Maxsus bilimlar: Ipak yo‘li, ayniqsa Ozarbayjon va O‘zbekiston bo‘yicha chuqur bilimlarga egalik, bu o‘tmishdagi loyihalar, sayohatlar yoki ushbu yo‘nalishlarga qaratilgan tashabbuslar bilan tasdiqlanishi lozim.

- Yevropa bozori bilan ishlash tajribasi: bozorning o‘ziga xos tendensiyalarini, loyiha mo‘ljallangan sayyohlarning ehtiyojlarini chuqur tushunish.