O‘zbekistonda ichki aviaqatnovlarning kengaytirilishi turizm uchun yangi imkoniyatlar yaratadi

Mamlakat ichidagi transport qulayligini oshirish maqsadida O‘zbekistonda iyun oyi oxiridan boshlab ichki muntazam aviaqatnovlar soni ko‘payadi.

Bu esa davlatimiz rahbarining ichki turizmni rivojlantirish bo‘yicha topshirig‘ini amalga oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalishlar asosiy tarixiy va sayyohlik markazlari orasidagi safar vaqtini qisqartirish, shuningdek, hududlarning o‘zaro bog‘liqligini yaxshilash imkonini beradi. Xususan, "Centrum Air" aviakompaniyasi 24-iyundan boshlab Samarqand - Urganch yo‘nalishi bo‘yicha haftasiga uch marta parvozlarni yo‘lga qo‘yadi. 25-iyundan boshlab esa Buxoro - Urganch, Samarqand - Buxoro va Buxoro - Toshkent yo‘nalishlarida haftasiga ikki marotaba parvozlar amalga oshiriladi. Toshkent - Urganch yo‘nalishi bo‘yicha esa allaqachon har kuni (seshanbadan tashqari) parvozlar bajarilmoqda. Ichki aviaqatnovlarning kengayishi sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratib, muhim tarixiy va madaniy markazlarga borishni osonlashtiradi. Transport infratuzilmasining takomillashuvi ichki turizmni rivojlantirish, mintaqalar iqtisodiyotini rag‘batlantirish va ularning umummilliy sayyohlik oqimiga qo‘shilishiga ko‘maklashadi.