«MITT-2026»: O‘zbekiston Moskvada mamlakatning ko‘p qirrali turizm salohiyatini namoyish etmoqda!

11-13 mart kunlari Rossiya poytaxtidagi "Krokus Ekspo" xalqaro ko‘rgazmalar markazida "MITT-2026" 32-xalqaro turizm va mehmondo‘stlik ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Turizm va mehmondo‘stlik sanoati sohasidagi biznes masalalarini hal qilish uchun ushbu professional platforma har yili turistik biznes va mehmondo‘stlik sanoati ekspertlarining eng yirik b2b hamjamiyatini to‘playdi.

Nufuzli xalqaro ko‘rgazmada Ummon, Turkiya, Venesuela, Kuba, Iordaniya, Jazoir, Malayziya, Xitoy, Armaniston, Tunis, Ozarbayjondan 3 ming 807 delegat, turizm, gastronomiya, logistika, sayyohlik texnologiyalari sohalariga ixtisoslashgan yirik kompaniya va firmalar, xalqaro ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi delegatsiyasi ham ishtirok etdi. Turizm qo‘mitasi va mamlakatimizning Moskvadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan O‘zbekiston milliy stendida sayyohlik kompaniyalari va firmalari davlatimizning turizm sohasidagi imkoniyatlarini namoyish etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston an’anaviy madaniy-ma’rifiy turizmdan tashqari ko‘p tarmoqli turizm iqtisodiyotini shakllantirmoqda. Faol rivojlanayotgan yo‘nalishlar orasida gastronomik, tadbirlar, tibbiy va sog‘lomlashtirish turizmi, shuningdek, ekologik yo‘nalishlar va zamonaviy shahar turizmini ajratib ko‘rsatish mumkin.

Har yili Moskvadagi Xalqaro turizm ko‘rgazmasiga ta’lim seminarlari, forumlar va tematik konferensiyalarni o‘z ichiga olgan boy ishbilarmonlik dasturi hamrohlik qiladi. 11 mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasi turizm sohasida Rossiya-O‘zbekiston aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlangan "Rossiya - O‘zbekiston: turizm hamkorligining yangi ufqlari" strategik sessiyasida ishtirok etdi. Ushbu muhim tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari S.Tadjiyev so‘zga chiqib, mamlakatimiz turizm sohasini transformatsiya qilish strategiyasi hamda ikki tomonlama hamkorlikning yangi formatlari bilan tanishtirdi.

Turizm qo‘mitasi rahbari B.Kusekeyev boshchiligidagi Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi O‘zbekistonning turizm sohasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasining rivojlanishiga hissa qo‘shadigan dinamik ekotizimning bir qismiga aylandi.

"MITT-2026" ishtirokchilari o‘z yutuq va imkoniyatlarini namoyish etib, tajriba almashish muhitini yaratdilar. Muhokamalarda yetakchi mutaxassislar, sayyohlik kompaniyalari va davlat tuzilmalari vakillari, turagentlar, turoperatorlar, otelerlar, glemperlar, turizm sohasi uchun IT-yechimlarni ishlab chiquvchilar, shuningdek, turizm va mehmondo‘stlik sanoatining boshqa asosiy ishtirokchilari faol ishtirok etdilar.

Ko‘rgazmada ishtirok etayotgan Qoraqalpog‘iston turistik kompaniyalari vakillari xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirish va sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida xorijiy hamkorlar bilan B2B formatida samarali muzokaralar olib bordi.

Ishtirokchilar o‘zlarining ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish, qimmatli tajriba almashish va hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar topishga muvaffaq bo‘ldilar. Bu, albatta, mintaqada turizmning kelajagiga, uning barqaror rivojlanishi va o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

"MITT-2026" xalqaro turizm va mehmondo‘stlik ko‘rgazmasi turizm sohasidagi tendensiyalar haqida dolzarb ma’lumotlarga ega bo‘lish uchun noyob imkoniyat bo‘ldi. O‘tkazilgan uchrashuvlar mamlakatimizning xalqaro sayyohlik maydonidagi o‘rnini yanada mustahkamlash, uni jozibador va raqobatbardosh sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishga xizmat qilmoqda.