OROLNI TIKLASH: EKOLOGIK TASHABBUSLAR VA XALQARO HAMKORLIK

Iqlim o‘zgarishi, ekologik vaziyatning yomonlashuvi va global isish XXI asrning asosiy muammolaridan biri bo‘lib, millionlab odamlarning farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mavjud vaziyatni chuqur va har tomonlama tahlil qilib, mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq Orol inqirozi muammosini va Orolbo‘yi mintaqasida ekologik halokat oqibatlarining oldini olishni ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilab oldilar.

Mintaqaviy hamkorlikning keng ko‘lamli maqsadlarini har tomonlama muhokama qilish yakunida davlat rahbarlari suv resurslari Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyotida muhim o‘rin tutishini, transchegaraviy suv sohasidagi hamkorlik esa tinchlik, ekologik, oziq-ovqat va energetik xavfsizlikni ta’minlash, aholi salomatligini muhofaza qilish, migratsiya jarayonlarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishining muhim tarkibiy qismi ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan keyingi yillarda amalga oshirilgan izchil chora-tadbirlar natijasida Orol dengizining qurigan tubida 1 million 850 ming gektar maydonda to‘qayzorlar barpo etildi. Murakkab tabiiy sharoitda 6 ming tonnaga yaqin cho‘l o‘simliklari urug‘ini ekishga muvaffaq bo‘lindi. Buning uchun 20 mingta ish o‘rni yaratilgan, 5 mingta texnika, jumladan, samolyotlar jalb qilingan. Ayni paytda 200 ming gektar maydonda ish olib borilib, 2 ming tonnadan ziyod cho‘l o‘simliklari urug‘lari tayyorlangan. Mamlakatimizda har yili 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlarini ekish dasturi amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2025-yil “Atrof-muhitni asrash va «yashil” iqtisodiyot yili» deb e’lon qilinganligi munosabati bilan Davlat dasturini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

2025-yilning 23-24-mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanida "Orolga tashrif" nomli avtopoyga tashkil etildi. Suvi kamayotgan Orol dengizi ramzi - "Kemalar qabristoni" yonida tadbir ishtirokchilari ekologik ongning muhimligini yaqqol ta’kidlovchi qiziqarli fleshmob o‘tkazdilar. Ular bir paytlar ulkan dengizning qurigan tubidagi yashil hududdan o‘tib, Ustyurtning go‘zal kanonlari bo‘ylab yurishdi. Ularning har biri Orol dengizi taqdiriga e’tibor qaratishga qaratilgan umumiy missiyaning bir qismiga aylandi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlikda joriy yilning 25-26-mart kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumanidagi "Oq kema" bolalar sog‘lomlashtirish oromgohida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

"Iqlim o‘zgarishi va Orol dengizi inqirozi: munosib mehnat va aholi salomatligini ta’minlashda kasaba uyushmalarining roli" mavzusidagi konferensiyada O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot va ekologiya sohalaridagi kasaba uyushmalari vakillari, shuningdek, nodavlat tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Ushbu tadbirning asosiy maqsadi ishtirokchilarni Orol dengizining qurigan tubida o‘rmon melioratsiyasi bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirishdan iborat bo‘ldi. Dasturning muhim qismi Markaziy Osiyo va Yevropa mamlakatlari kasaba uyushmalariga ekologik halokat oqibatlarini bartaraf etishda yordam ko‘rsatish haqidagi murojaat bo‘ldi.

Aksiya ishtirokchilari sayozlashib borayotgan Orol dengizi qirg‘og‘iga cho‘l o‘simliklari ko‘chatlarini ekib, jamiyatni atrof-muhitga faol va ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga chaqirdilar. Bu tashabbus nafaqat ekotizimni tiklash harakatiga, balki mintaqaning qayta tiklanishiga bo‘lgan umid ramziga aylandi. U tabiiy merosni asrab-avaylash mas’uliyatini va kelajak avlodlar uchun sayyoraga g‘amxo‘rlik qilishda birlashish muhimligini eslatadi.