“Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi turizm sohasi mutaxassislarining global uchrashuv maydonidir. 1995-yildan buyon Birlashgan Millatlar Tashkilotining Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) rasmiy ko‘magida bu yerda o‘nlab mamlakatlarning turizm imkoniyatlari taqdimotlari, yuzlab turizm sohasi mutaxassislarining ishbilarmonlik muzokaralari, xalqaro turizmni rivojlantirishning dolzarb mavzulariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyalar o‘tkazilmoqda. So‘nggi o‘ttiz yil davomida Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi butun dunyo bo‘ylab turizm sohasi mutaxassislari uchun O‘zbekiston va butun Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng muhim va yorqin tadbirlardan biri sifatida o‘zini ko‘rsatdi.
Joriy yilning 23-noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi, shuningdek, “Milliy PR-markazi” DUK va “Team & Co Group” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan “Ipak yo‘lida turizm” 29-xalqaro turizm yarmarkasi o‘z ishini yakunladi.
Tadbir ilk bor “CAEx” (Central Asian Expo Uzbekistan) xalqaro ko‘rgazma markazida bo‘lib o‘tdi, unda butun dunyodan sayyohlik biznesi ekspertlari jamuljam bo‘ldi. Tadbir sohaning barcha vakillari: yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, yirik mehmonxona tarmoqlari, diplomatik korpuslar, turizm sohasidagi ta’lim muassasalari xodimlari uchun samarali bo‘ldi.
Xalqaro yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar O‘zbekistonning barcha hududlaridagi yangi manzillarning turizm salohiyatini baholash, mamlakat xalqlarining boy folklori, xilma-xil taomlari va an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Tadbirning asosiy maqsadlaridan biri O‘zbekiston turizm bozorini ochiq va raqobatbardosh muhit sifatida namoyish etish edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasida ilk lahzalardanoq o‘zining dizayni bilan tashrif buyuruvchilarning e’tiborini o‘ziga jalb etgan stendini g‘urur bilan taqdim etdi.
Sahro manzarasi va mintaqaning zamonaviy qiyofasini mohirona uyg‘unlashtirgan ekspozitsiyaning markaziy mavzusi Orol dengizining sayozlashishi natijasida yuzaga kelgan fojiali ekologik falokatdan keyin Qoraqalpog‘istonning shiddat bilan tiklanishini aks ettiradi. Qum, chig‘anoqlar, qayiq va baliq ovlash anjomlari mehmonlarni mintaqa tarixiga olib borib, o‘tmish va kelajakka umid rishtalari bir-biri bilan chirmashib ketgan o‘ziga xos muhit yaratadi. Sahro manzarasi va Orol dengizi qiyofasining zamonaviy imkoniyatlar bilan uyg‘unlashuvi sayyohlar uchun yangi ufqlarni ochadi. Tashkilotchilarning ijodiy yondashuvi va eng mayda tafsilotlargacha e’tibor stend unutilmas bo‘lishini ta’minladi.
Qoraqalpog‘iston stendi “Eng kreativ stend” nominatsiyasida g‘olib deb topilib, respublikamiz vakillari esa elektromobil bilan taqdirlandi. Ushbu muvaffaqiyat mintaqaning boy madaniyati va tabiatiga urg‘u beribgina qolmay, Qoraqalpog‘istonda turizmni rivojlantirish uchun yangi istiqbollarni ochishga ham xizmat qiladi.
Yarmarkada O‘zbekiston, Gruziya, Ozarbayjon, Rossiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston, Tailand, Chexiya, Indoneziya va boshqa 19 ta davlatdan sayyohlik ma’muriyatlari va xususiy kompaniyalar ishtirok etdi.
Unda 54 ta milliy stend namoyish etilib, “Hosted Buyers” dasturi doirasida 30 dan ortiq mahalliy va 7 ta xorijiy turistik kompaniyalar taklif etildi.
Uch kun davomida yarmarkaga 20 mingdan ortiq kishi tashrif buyurib, mamlakatning 14 ta mintaqasining turizm imkoniyatlari bilan tanishdi.
Tadbir davomida 20 000 dan ortiq “B2B” formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, ularda sayyohlik tashkilotlari o‘rtasida 8 000 dan ortiq shartnomalar imzolandi. Shuningdek, keng ko‘lamli tadbir 100 dan ortiq nufuzli ommaviy axborot vositalarining e’tiborini tortdi va bu O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori sezilarli darajada oshishiga turtki bo‘ldi.
2024-yilgi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi O‘zbekistonni jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatida targ‘ib qilishda muhim ahamiyat kasb etdi. Ushbu tadbir mahalliy va xorijiy kompaniyalar o‘rtasida yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish uchun ajoyib platforma bo‘ldi.
Noyob sayyohlik yo‘nalishlari va turli mintaqaviy diqqatga sazovor joylarning taqdimoti mamlakatning boy madaniyati va tabiiy go‘zalliklariga e’tiborni kuchaytirdi, hamkorlikni kengaytirish va sayyohlar oqimini kengaytirish uchun yangi ufqlarni ochdi.