Prezidentimiz tashabbusi bilan dekabr oyining har ikkinchi yakshanbasi Qishloq xo‘jaligi xodimlari kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrining shimoliy qismidagi Otchopar maydonida ushbu qutlug‘ sanaga bag‘ishlangan bayramona tadbirlar bo‘lib o‘tdi.
Umumxalq hosil bayrami Qoraqalpog‘istondagi eng yorqin va keng ko‘lamli madaniy-ko‘ngilochar tadbirlardan biridir. Bu bayram xalqimiz madaniyati va an’analariga chuqur ildiz otgan bo‘lib, keng miqyosda nishonlanadi. U ko‘p asrlik an’analar va urf-odatlarni o‘sib kelayotgan avlodga yetkazishda, yosh avlodga qishloq aholisi mehnatini qadrlashga, qishloq xo‘jaligining mamlakat iqtisodiyoti va madaniyati uchun ahamiyatini anglashga yordam berishda muhim rol o‘ynaydi.
Mamlakat bo‘ylab bayram davomida ommaviy tadbirlar o‘tkaziladi, ularda qo‘shiq va raqslar ijro etiladi, tanlovlar va sport o‘yinlari o‘tkaziladi. Odamlar yerning hosildorligini nishonlash, quvonch ulashish va tabiatning saxiy ne’matlari uchun minnatdorchilik bildirish uchun yig‘ilishadi.
Bayram dasturidan an’anaviy milliy sport o‘yinlari, jumladan, arqon tortish musobaqalari, polvonlar bellashuvi, qo‘chqorlar jangi, shuningdek, "Ilak o‘yin," "Qiz quyio‘," "Tenge alu" kabi milliy ot sporti musobaqalari o‘rin olgan.




Folklor kuylari va milliy raqslar konsert dasturi doirasida bayram va shodiyona muhitini yaratdi. Xalq sayli bayramni quvonch va g‘ayratga to‘ldirdi.
Qoraqalpog‘iston fermerlari tomonidan yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmasi tadbirning o‘ziga xos bezagi bo‘lib, u mahalliy dehqonchilik an’analarining boyligi va xilma-xilligini namoyish etdi.
Hosil bayrami yil yakunlari, yig‘im-terim mavsumini sarhisob qilish ramzi bo‘lib, yer saxovatini e’zozlash marosimi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu vaqtga kelib barcha dala ishlari yakunlanib, kelgusi yil uchun oila farovonligiga asos solinadi. Bu nafaqat to‘kin-sochinlik bayrami, balki o‘tayotgan yil haqida, erishilgan g‘alabalar va boshdan kechirilgan qiyinchiliklar haqida o‘ylash vaqti hamdir. Bu bayram odamlarga tabiat bilan aloqasini qayta ko‘rib chiqish imkoniyatini beradi va yangi, unumdor va farovon hayot sikliga asos soladi.
Har yili o‘tkaziladigan tadbir mamlakat qishloq xo‘jaligi rivojiga beqiyos hissa qo‘shayotganlarning mehnatini e’tirof etish uchun ajoyib imkoniyat bo‘ldi. Bu davrda kishilar mehnat yilini sarhisob qiladilar, saxovati uchun tabiatga minnatdorchilik bildiradilar, o‘z mehnatlari samarasidan quvonadilar.
Hosil bayrami sayyohlar uchun mintaqa madaniyati va an’analariga sho‘ng‘ish, qishloq xo‘jaligi sohasi bilan bog‘liq mahalliy marosimlar va urf-odatlar bilan tanishish uchun noyob imkoniyatdir. Ushbu bayramda ishtirok etish haqiqiy folklor tomoshalarini, milliy raqslarni ko‘rish va jonli musiqani tinglash imkonini beradi. Tadbirlarning xilma-xilligi sayohatga jo‘shqinlik va quvnoqlik baxsh etadi, uni yorqin xotiralar bilan to‘ldiradi. Umuman olganda, hosil bayrami sayyohlarga mahalliy madaniyatni chuqurroq anglash, tabiat va jamiyat bilan birdamlikni his qilish imkonini beruvchi unutilmas voqeadir.