O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasining faol qo‘llab-quvvatlashi bilan "Xitoyda O‘zbekiston turizm yili" doirasida mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyatini ommalashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirmoqda.
12-15-iyun kunlari Gonkong ko‘rgazma markazida (HKCEC) o‘tkazilgan ITE Hong Kong 2025 (International Travel Expo) da O‘zbekistonning ishtiroki yorqin voqealardan biri bo‘ldi.
O‘zbekiston stendi ko‘rgazmaning haqiqiy javohiriga aylandi. Stendda mamlakatimizning boy madaniy merosi, an’anaviy xalq hunarmandchiligi va mamlakatimiz sayyohlik salohiyatining rang-barangligi va o‘ziga xosligini aks ettiradigan zamonaviy sayyohlik yo‘nalishlari taqdim etildi.
Ko‘rgazmaga Osiyo va jahon mamlakatlaridan sayyohlik agentliklari, aviakompaniyalar, investorlar va ommaviy axborot vositalari vakillari tashrif buyurdi. O‘zbekiston stendi o‘zining boy taqdimoti, milliy musiqasi va sharqona mehmondo‘stlik ruhini ifodalovchi jonli muhiti bilan keng qiziqish uyg‘otdi.
Tadbir doirasida xalqaro hamkorlar bilan ishbilarmonlik uchrashuvlari va muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Xususan, Gonkong madaniyat va turizm qo‘mitasi raisi bilan uchrashuv tashkil etilib, O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash va turizm almashinuvini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
"ITE Hong Kong" xalqaro turizm ko‘rgazmasida, shuningdek, joriy yil 16-20-iyun kunlari Makao, Fuchjou, Uxan va Shenchjen shaharlarida tashkil etilgan "roud-shou"da mamlakatimizning ulkan turistik salohiyati, jumladan, tarixiy va madaniy yodgorliklari, milliy an’analari va urf-odatlari taqdim etildi.
Toshkent shahri, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi sayyohlik tashkilotlari va turoperatorlari tomonidan O‘zbekistonning turizm salohiyatini namoyish etish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, sayyohlar oqimini ko‘paytirish va turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlar o‘tkazildi.
Xitoydan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini ko‘paytirish maqsadida "roud-shou" doirasida turizm biznesining yetakchi vakillari uchun "B2B" sessiyalar tashkil etildi, bu esa ishbilarmonlik aloqalarini kengaytirish va yangi sherikliklar o‘rnatish uchun noyob imkoniyatlar ochdi.
Uchrashuvlarda turizm sohasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi hamda turizm, madaniy almashinuv va investitsiya loyihalari sohasida birgalikdagi ishlarning aniq mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi, delegatsiyalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish va turizm tashabbuslarida o‘zaro ishtirok etish masalalari ko‘rib chiqildi.