Buyuk Britaniyaning Bradt Guides sayohat bo‘yicha nashriyoti 2023-yilda sayohat qilishga tavsiya etilgan dunyodagi noyob turistik o‘rinlarning ro‘yxatini e’lon qildi. Chili, Kosta-Rika, Isroil, Estoniya va boshqa turistlarni jalb qiluvchi noyob maskanlardan iborat bo‘lgan ushbu ro‘yxatga Qoraqalpog‘iston Respublikasi ham kiritildi.Bradt Guides ekspertlari Mo‘ynoq tumanidagi yangi aeroportning ishga tushishi hamda kelgusida tez yurar poyezdlarning yo‘lga qo‘yilishi natijasida Qoraqalpog‘istonga yetib borish bundan buyon qulay bo‘lgani, Markaziy Osiyodagi eng yirik elektron musiqiy festivalining o‘tkazilishi, Sahrodagi Luvr muzeyining dunyoga mashhur avangard kolleksiyasi, shu bilan birga, planetamizdagi tungi osmonning eng qorong‘i zonasi va uning ostida joylashgan o‘tovlar majmuasini alohida ta’kidlab o‘tishdi. Bundan tashqari, maqolada Qoraqalpog‘istonga Orol dengizining vatani deb ham ta’rif berilgan.
Ma’lumot sifatida, Prezidentning 2022-yil 30-aprelda qabul qilingan PQ-232-son qaroriga muvofiq, hududning turistik salohiyatini to‘liq namoyish etuvchi turistik xaritalarni (Guidebook) ishlab chiqish, nashr etish va bepul tarqatish vazifasi belgilangan. Shu bois, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining tashabbusi bilan Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda “Bradt Travel Guides” nashriyotida Qoraqalpog‘iston bo‘yicha turistlar uchun qo‘llanma ishlab chiqish loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyiha doirasida 2022-yilda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm elchisi Sofi Ibbotson va OAV vakili Stefani Adams uchun Qoraqalpog‘istonning bir qator turistik ob’yektlari bo‘ylab press-tur tashkil etilgan edi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligining Axborot xizmati