O‘zbekiston - Rossiya o'rtasida turizm sohasida hamkorlik masalalariga bag’ishlangan taqdimot o’tkazildi

Toshkentda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi II mintaqalararo hamkorlik forumi doirasida O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Taqdimot “Dunyo bo‘ylab” telekanali direktori Nodir To‘laganov tomonidan o‘tkazildi. Taʼkidlash joizki, ushbu telekanal Turizm va sport vazirligining strategik hamkori hisoblanadi.

O‘zbekistonning turizm sektori 2018-yildan buyon jadal o‘sishni ko‘rsatdi. Viza tartibi soddalashtirilib, elektron vizalar joriy etilganidan so‘ng respublikaga xorijlik sayyohlarning tashrifi sezilarli darajada oshdi. 2019-yilda mamlakatimiz turizm sanoati butun tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichlarga erishdi – 6,7 million sayyohni qabul qildi. Jahon sayyohlik tashkiloti (UNWTO) maʼlumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sanoati eng jadal rivojlanayotgan besh davlat qatoridan joy oldi.

2021-yilning 9 oyida O‘zbekistonga 1,2 million xorijiy sayyoh tashrif buyurdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda turizmning ommabop-gastronomik, ekstremal, ziyorat, etnografik, biznes, qishloq xo‘jaligi, vinochilik va boshqa turlari jadal rivojlanmoqda. Mamlakatimizda tobora ko‘proq yangi yo‘nalishlar, turistlarga xizmat ko‘rsatish markazlari yaratilmoqda.

“Dunyo bo‘ylab” telekanali direktori Nodir To‘laganovning taʼkidlashicha, mamlakatga kelgan sayyohlar orasida rossiyaliklar ko‘pchilikni tashkil etadi. Rossiya turizm sohasida O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. 2018-yilda O‘zbekistonga 371 ming rossiyalik tashrif buyurgan. Bu o‘tgan yil yakunlariga nisbatan 33,5 foizga ortiq ko‘rsatkichni tashkil etadi.

“Rossiya fuqarolarining Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent va boshqa shaharlariga sayohat qilishga qiziqishi katta ekaniga guvoh bo‘lyapmiz. O‘zbekistonliklarda esa bugun nafaqat Moskva va Sankt-Peterburg, balki “Oltin halqa” shaharlariga ham tashrif buyurish, Volga va Shimoliy Kavkaz bo‘ylab sayohatlar, Qora dengiz hamda Baykal ko‘li sohillarida hordiq chiqarishga chinakam qiziqish ortib bormoqda”.

“Dunyo bo‘ylab” telekanali direktori Nodir To‘laganov

Keltirilgan ma’lumotlarga ko’ra, 2017-yilning aprel oyida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida Turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolangan bo‘lib, uning doirasida OAVda targ‘ibot kampaniyalarini o‘tkazish, turizmni rivojlantirish bo‘yicha turli qo‘shma tadbirlarni tashkil etish, turizmni rivojlantirish, turizm korxonalari vakillari va jurnalistlar uchun o‘zaro tanishuv sayohatlari, turizm sohasi xodimlarini tayyorlash va amaliyotini tashkil etishda o‘zaro yordam ko‘rsatish va boshqalar bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan.

“2019-yilning mart oyida O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan MITT xalqaro sayyohlik ko‘rgazmasida ishtirok etdi, uning doirasida ikkala davlat sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida 200 ga yaqin ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazildi va Rossiyadan O‘zbekistonga 2000 dan ortiq sayyohni jalb etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi”, - deb qayd etdi “Dunyo bo‘ylab” telekanali direktori Nodir To‘laganov.

Shu bilan bir qatorda, Rossiya Federatsiyasining yirik kasaba uyushmalari va sayyohlik kompaniyalari bilan taʼtil davrida O‘zbekistonga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borildi. Mamlakatlar o‘rtasida maxsus turistik poyezdlar ochish, kichik go‘shaga (ziyorat turizmi) sayohat dasturlarini kengaytirish, turizm sohasida O‘zbekiston-Rossiya investitsiyaviy  hamkorlikni rivojlantirish va h.k.

2019-yil iyul oyida tarixiy Samarqand shahrida MDHga aʼzo davlatlar Turizm kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida birinchi MDH turizm yarmarkasi bo‘lib o‘tdi. Yarmarkada Rossiya sayyohlik kompaniyalari faol ishtirok etdi. 2019-yilning noyabr oyida esa Toshkent sayyohlik yarmarkasi doirasida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida birinchi sayyohlik forumi bo‘lib o‘tdi.

Hisobotga ko’ra, O‘zbekiston Respublikasi Turistik maʼmuriyati Rossiya Turoperatorlari Assotsiatsiyasiga (ATOR) asosiy hamkor maqomida qo‘shildi. Yangi alyans ikki davlat o‘rtasidagi turistik biznes hamkorligini mustahkamlaydi va bunday hamkorlik rossiyalik sayyohlarga O‘zbekistonning turli qirralarini yaxshiroq bilish, Rossiya sayyohlik biznesiga esa katta salohiyatga ega turizm bozorini kashf qilish imkonini beradi.

2021-yil bahorida o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Respublika turistik maʼmuriyati, Xalqaro islom akademiyasi va O‘zbekiston oshpazlar uyushmasi delegatsiyalari Rossiyaning qator shaharlariga tashrif buyurdi. Ular Dog‘iston, Checheniston, Tatariston, Moskva va Sankt-Peterburgda bo‘lishdi. Dog‘istonda O‘zbekistonning “Imomlar yurtiga sayohat” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. B2B formatidagi uchrashuvlar chog‘ida ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikning barcha yangi qirralarini muhokama qilish orqali dam olish industriyasini inqirozdan tezroq chiqarish uchun hamkorlik imkoniga ega bo‘lishdi.

Joriy yilning avgust oyida Tatariston Respublikasi Turizm davlat qo‘mitasi raisi Sergey Ivanov O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi. Tatariston delegatsiyasi O‘zbekistonda tashkil etilgan sayyohlik politsiyasi, shuningdek, turistik qishloqlar, ovullar va mahallalar faoliyati tajribasiga qiziqish bildirdi.

Mazkur tashrif doirasida O‘zbekistonda turizm sohasi uchun kadrlar tayyorlash tizimi, bir qator xorijiy davlatlar, jumladan, Rossiya vakillari taʼlim olayotgan “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universiteti faoliyati muhokama qilindi.

Joriy 2021-yilda “Ipak yo‘li” universiteti va Don davlat texnika universiteti o‘rtasida strategik hamkorlik shartnomasi tuzildi. Rostov-Don va Samarqandda turizm, madaniyat hamda sport sohalarini rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Rossiya vakolatli markazini ochish rejalashtirilmoqda. Bunday tuzilmaning tashkil etilishi, shubhasiz, Rossiya-O‘zbekiston munosabatlarining mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

O'zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligining Axborot xizmati