"NDPI" voleybol jamoasi Oʻzbekiston superkubogining mutlaq chempioni

Avval xabar berganimizdek, shu yilning 19-20-noyabr kunlari Toshkent viloyatining Olmaliq shahridagi «Metallurg» sport majmuasida voleybol boʻyicha Oʻzbekiston superkubogi musobaqalari boʻlib oʻtdi.

Xotin-qizlar oʻrtasida ikki kun davom etgan musobaqada Oʻzbekiston kubogi gʻolibi Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining «NDPI» qizlar terma jamoasi Oʻzbekiston chempioni, azaliy raqibalari boʻlgan Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining «SKUF» jamoasiga qarshi oʻynadi.

Musobaqaning dastlabki kuni Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining «NDPI» qizlar terma jamoasi raqibalarini 3:1 hisobida yengib chiqqan boʻlsa, bugun, 20-noyabr kuni boʻlib oʻtgan musobaqaning ikkinchi kunida ham «SKUF» jamoasi qizlariga hech qanday imkoniyat qoldirmadi – hisob 3:0.

"Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni komil inson qilib tarbiyalash, yosh sportchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor natijasida yoshlarimiz respublika hamda xalqaro sport musobaqalarida gʻalabalarga erishmoqda. Shu yilning mart oyida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi Murat Kamalov hamda Vazirlar Kengashi Raisi Qaxraman Sariyevlar sportchi qizlarimiz bilan uchrashib, ularning qoʻlga kiritayotgan zafarlari bilan tabriklab, sovgʻalar topshirib, kelgusi musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishi mana shunday gʻalabalarni qoʻlga kiritimizda ahamiyatli boʻlmoqda" 

Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan trener, «Vatan fidoyisi» koʻkrak nishoni sohibi, sport faxriysi Azat Kazakov.

Shunday qilib, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining «NDPI» qizlar terma jamoasi voleybol boʻyicha bu yilgi Oʻzbekiston superkubogi gʻolibi boʻlib, mutlaq chempionlikni qoʻlga kiritdi.

Ma’lumot oʻrnida ta’kidlash joiz, «NDPI» qizlar terma jamoasi voleybol boʻyicha oʻtgan yilgi mavsumda ham Oʻzbekiston chempionati hamda superkubogi musobaqalarida gʻalabaga erishib, mutlaq chempionlikni tantana qilgan edi.

Manba: Nukus davlat pedagogika institutining Axborot xizmati

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati