Xalqaro aralash jang san’atlari federasiyasi (MMA) prezidenti Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurdi

Ma’lumki, joriy yilning 9-10-oktabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi poytaxti Nukus shahrida aralash jang san’atlari bo‘yicha  havaskorlar o‘rtasida Markaziy Osiyo chempionati bilib o‘tadi.

Ma’lumot uchun, 2020-yil 9-fevralda Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederasiyasi (CAMMAC)ga asos solingan va unga hamyurtimiz Otabek  Umarov rahbar etib tayinlangandi. Nukusda ilk bor start olayotgan tarixiy chempionat aynan Otabek Umarov rahbarligidagi CAMMAC tomonidan tashkil qilinmoqda.

Markaziy Osiyo sport tarixida birinchi marta o‘tkazilayotgan mazkur turnirda tashkilotga a’zo bo‘lgan 5ta mamlakat vakillari ishtirok etadi. Ya’ni, O‘zbekiston,  Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Ozarbayjonlik aralash jang san’ati ustalari g‘oliblik uchun  bellashishadi. 

Musobaqa oldidan 8-oktabr kuni Nukus shahridagi Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugdagi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Markaziy Osiyo aralash jang san’atlari Konfederasiyasi vakillari, chempionat hakamlari, tashkilotchilar ishtirokida Matbuot anjumani o‘tkazildi.

Tadbirga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirining o‘rinbosari Alisher Norboev, O‘zbekiston Miliy Olimpiya qo'mitasi raisining o‘rinbosari Sherzod Tashmatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari-Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Rasul Zarikeev, shuningdek, nufuzli mehmon Xalqaro aralash jang san’atlari (MMA) federasiyasi prezidenti Kerrit Braun ishtirok etishdi. Matbuot anjumanida tashkilotchilar OAV xodimlarini qiziqtirgan savollarga javob berishdi. Jumladan, bugungi kunda MMA sport turlarining Olimpiyada o‘yinlari qatoriga kiritilishi, O‘zbekistonda MMA sport turining bugungi kunda rivojlanishi va aholi orasida keng ommalashib borishi, musobaqada g‘olib bo‘lgan havaskor jangchilarning keyinchalik qo‘lga kiritadigan yutuqlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. 9-oktabr kuni Nukus shahridagi muhtasham “Manej” sport majmuasida Markaziy Osiyo chempionatining ilk bahslariga start beriladi. Chempionatda sportchilar 52.2, 56.6, 61.2, 65.8, 70.3, 77.1, 83.9, 93, 120, va +120.2 kg vazn toifalarida kurash olib borishadi. Janglar 3 raunddan iborat bo‘lib, har bir raund 3 daqiqa davom etadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati