Turizm sohasiga oid huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgarishlar kiritildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-sentabrdagi “Xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6318-son Farmoni bilan turizm sohasiga oid oldin qabul qilingan bir qator huquqiy-normativ hujjatlarga o‘zgarishlar kiritildi.  

Jumladan:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 3-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi turizm salohiyatini rivojlantirish uchun qulay sharoitlar yaratish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5326son Farmonining 8 bandida:

A) “b” kichik bandida;

tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini 2024 yilning 1-yanvariga qadar (shu kungacha - 2022-yilning 1-yanvariga qadar) - belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra tematik xiyobonlar, mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalarini qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, texnika, xom ashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar, qurilish va boshqa materiallarni (shu jumladan mebel va inventar) olib kirish uchun bojxona bojini to‘lashdan (shu kungacha - bojxona to‘lovlarini to‘lashdan) ozod etilsin.

B) “v” kichik bandida;

tadbirkorlik faoliyati sub’yektlarini 2024-yilning 1-yanvariga qadar (shu kungacha - 2022 yilning 1-yanvariga qadar) - O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilayotgan:

ishlab chiqarilganiga 5 yildan ortiq bo‘lmagan, yo‘lovchilarni tashishda foydalaniladigan va haydovchidan tashqari sakkiz va sakkiztadan ortiq o‘rindiqlarga ega bo‘lgan transport vositalari;

dor (osma) yo‘llarni, tog‘-chang‘i ko‘targichlar, funikulyorlar va boshqa o‘xshash ob’yektlar va inshootlarni qurish, qayta ta’mirlash va jihozlash uchun asbob-uskunalar, mexanizmlar va ehtiyot qismlar, shuningdek, aerostatlar (havo sharlari), motorli qayiq va kvadrosikllar uchun belgilangan tartibda tasdiqlanadigan ro‘yxatlarga ko‘ra bojxona bojini to‘lashdan (shu kungacha - bojxona to‘lovlarini to‘lashdan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlardan tashqari)) ozod etilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 13-avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5781-son Farmonida:

A) 9-bandda;

2023-yil 1-yanvarga qadar quyidagilar:

a) yetib borish qiyin bo‘lgan va chekka joylarda (aholi yashash punktlaridan kamida 10km yoki qattiq qoplamali avtomobil yo‘llaridan 5 km uzoqlikda) kempinglar va «safari» turizmini tashkil etish bo‘yicha turizm xizmatlarini ko‘rsatadigan yuridik shaxslar alohida avtonom infratuzilmani yaratgan taqdirda mazkur faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan (shu kungacha - yagona soliq to‘lovi to‘lashdan);

b) yuridik shaxslar, ularning loyiha tashkilotlari, bosh pudratchi va subpudratchi tashkilotlari jahon standartlariga mos va zarur madaniy ko‘ngilochar infratuzilmalariga ega golf majmualarini barpo etish loyihasini amalga oshirish doirasida:

foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘idan;

loyihani amalga oshirish uchun jalb etiladigan xorijiy mutaxassislarning mehnatiga haq to‘lash fondi qismi bo‘yicha ijtimoiy soliqdan (shu kungacha - yagona ijtimoiy to‘lovdan);

loyihani amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan tovarlarni, shu jumladan «vaqtincha olib kirish» bojxona rejimida olib kirishda bojxona boji va aksiz solig‘idan;

v) namunaviy loyihalar bo‘yicha zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarini qurish va (yoki) ularning faoliyatini tashkil etishni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar mazkur faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda solig‘i, yer solig‘i va mol-mulk solig‘i, shuningdek, aylanmadan olinadigan soliq to‘lashdan (shu kungacha - yagona soliq to‘lovini to‘lashdan) ozod etilsin.

g) O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dor (osma) yo‘llarini, «banji-jamping» va «ziplayn» attraksionlarini, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, «rafting» va «flaybording» uchun uskunalar, shuningdek, «buggy car», faetonlar, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan (g‘ildirak ustidagi uylar) yoki kafe-furgonlarga aylantirilgan («fudtrak») yer usti transport vositalari bojxona boji va aksiz solig‘idan ozod etilsin – ushbu kichik band o‘z kuchini yo‘qotgan deb topiladi.    

B) Farmon quiydagi mazmunda 91 band bilan to‘ldirildi

- O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kiriladigan dor (osma) yo‘llarini, «banji-jamping» va «ziplayn» attraksionlarini, boshqariladigan (dirijabl, havo shari) va boshqarilmaydigan (erkin uchish) aerostatlar, gondolalar, «rafting» va «flaybording» uchun uskunalar, shuningdek, «buggy car», faetonlar, joylashtirish vositasi sifatida tunab qolish uchun jihozlangan (g‘ildirak ustidagi uylar) yoki kafe-furgonlarga aylantirilgan («fudtrak») yer usti transport vositalari 2024-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod etilsin».

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Turizm va sport bosh boshqarmasining axborot xizmati