O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorining mazmun-mohiyati va ahamiyati

I. Qarorning maqsadi.

Mamlakatimizda qadimdan milliy qadriyat sifatida rivojlanib kelayotgan kulolchilik an’analarini asrab-avaylash, xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish, har bir oila, jamoa, idora va tashkilotlarda uni keng targ‘ib etish, xalq ustalarining mehnatini munosib rag‘batlantirish, aholining keng qatlamlarini, ayniqsa yoshlarni jalb etish orqali sifatli kulolchilik mahsulotlarini ichki va tashqi bozorga chiqarish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishdan iborat.

II. Qarorning mazmuni va mohiyati.

Joriy yilning 23 martida “Kulolchilikni jadal rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5033-son Prezident qarori qabul qilindi.

Qaror bilan an’anaviy va zamonaviy kulolchilikni yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Kulollar har tomonlama qo‘llab-quvvatlanadi, usta-shogird maktablari faoliyati tubdan takomillashtiriladi.

Qaror bilan quyidagilar tasdiqlandi:

2021 – 2023 yillarda kulolchilik mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini oshirish bo‘yicha istiqbolli reja ko‘rsatkichlar;

2021 – 2022 yillarda kulolchilik rivojlangan hududlarda qurilishi rejalashtirilgan kulolchilik markazlarining manzilli ro‘yxati;

respublika hududidagi hunarmandchilik markazlari, yirik savdo majmualari, turistik marshrutga kiritilgan ob’yektlar va bozorlarda kulolchilik mahsulotlari savdosini tashkil qilish bo‘yicha manzilli ro‘yxat.

Yangi kulolchilik markazlaridagi turar va noturar joylar uchun mol-mulk va yer solig‘i uch yil davomida 50 foiz miqdorida belgilandi.

Bundan tashqari, qonunchilikka ko‘ra “Hunarmand” uyushmasining a’zolari hunarmandchilik faoliyati mahsulotlari (tovar, ish, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotishda qat’iy belgilangan miqdorlarda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod etilgan.

Qishloq joylarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyatini amalga oshirayotgan hunarmandlar o‘z faoliyatining dastlabki ikki yili mobaynida Pensiya jamg‘armasiga belgilangan ijtimoiy soliqning

50 foizini to‘laydi.

“Hunarmand” uyushmasi tomonidan kulollarning murojaatlariga asosan bir ish kunida ro‘yxatdan o‘tkazish va a’zolik guvohnomasi berish tizimi yaratilgan.

Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturlari doirasida hunarmandchilik uchun Markaziy bankning asosiy stavkasida 500,0 milliard so‘m miqdorida kredit ajratiladi.

Usta-shogird an’analari asosida yoshlarga hunar o‘rgatayotgan kulollarga shogirdlar tayyorlashi, zarur xom ashyo sotib olishi va shogirdlarni ish haqi bilan ta’minlashi uchun subsidiyalar ajratish tartibi joriy etiladi.

Vazirlik, idoralar, tijorat banklari hamda davlat korxonalari 2022 yil 1 sentyabrgacha kulollar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali kulolchilik mahsulotlarini xarid qilishi mumkin.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi Farg‘ona viloyati Rishton tumanida quriladigan kulolchilik markazlarining tashkil etilishini moliyalashtirish uchun “O‘zsanoatqurilishbank” ATBga subordinar qarz sifatida 20 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan Markaziy bankning asosiy stavkasidan 5 foiz punkt past bo‘lgan yillik foizda 100,0 milliard so‘mgacha resurs mablag‘lari ajratadi.