Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil uchun qanday talablar mavjud?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-avgustdagi «Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi 631-sonli qaroriga 1-ilovasi bilan  “Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi Nizomi qabul etilgan.

Oilaviy mehmon uyi — mazkur mehmon uyida uy egasining oila a’zolari bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha bir vaqtning o‘zida 10 nafargacha tashrif buyuruvchilarga (turistlarga) vaqtincha yashash va (yoki) ovqatlanish bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi, shuningdek, har bir yashovchi shaxsga 3 m2 hisobidan to‘g‘ri keladigan turarjoy maydoniga ega bo‘lgan xususiy uy-joy hisoblanadi.

Mehmon uyini tashkil etish uchun yaroqli turarjoy binosiga ega bo‘lgan va unda yashayotgan, uni Reyestrga kiritish uchun belgilangan tartibda ariza topshirgan xususiy yoki oilaviy tadbirkorlik subyekti.

Mehmon uylari egalari, faqat ular Reyestrga kiritilgandan so‘ng xizmat ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ladi.

Mehmon uylari xizmatlari ko‘rsatish mazkur turarjoyda uning egasi o‘z oila a’zolari hamda tashrif buyuruvchilar (turistlar) bilan birga yashash tamoyili bo‘yicha tashkil etiladi.

Mehmon uylari xizmatlarini sertifikatlashtirish soddalashtirilgan holda, mehmon uylarni o‘rganish dalolatnomasi asosida ularni Reyestrga kiritish va Reyestrdan tegishli ko‘chirma berish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Reyestrni yuritish vakolatli davlat organi tomonidan amalga oshiriladi.

Oilaviy mehmon uyini tashkil etuvchi shaxslar vakolatli davlat organiga (hududiy boshqarmaga) ariza bilan murojaat etadi.

Arizaga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

xususiy tadbirkor yoki oilaviy tadbirkorlik subyekti sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi;

bino va inshootga bo‘lgan huquqi davlat ro‘yxatidan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxasi.

Arizachidan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotlarni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Haqqoniy bo‘lmagan yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etgani uchun arizachi qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.

Arizachi tomonidan ariza Nizomda nazarda tutilgan hujjatlar bilan birga vakolatli davlat organiga bevosita, pochta aloqasi vositalari yoki elektron shaklda, uni olganligi to‘g‘risidagi bildirish xati bilan taqdim etiladi.

Vakolatli davlat organi hujjatlarni olgan kunidan boshlab ularni uch ish kuni davomida ko‘rib chiqadi, mehmon uyini Nizomda nazarda tutilgan majburiy shart-sharoitlarga muvofiqligi bo‘yicha o‘rganib chiqadi.

O‘rganib chiqish natijalari yuzasidan vakolatli davlat organi dalolatnoma rasmiylashtiradi.

❌Mehmon uyi Nizomda nazarda tutilgan majburiy shart-sharoitlarga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, vakolatli davlat organi dalolatnoma rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir ish kuni ichida arizachiga mehmon uyini Reyestrga kiritish rad etilganligi to‘g‘risida aniq nomuvofiqliklar va uning davomida arizachi rad etish sabablarini bartaraf qilish va qayta ko‘rib chiqish uchun hujjatlarni taqdim etish huquqiga ega bo‘lgan muddat (uch oygacha) ko‘rsatilgan holda yozma shaklda bildirish xati yuboradi.

Arizachi tomonidan mehmon uyini Reyestrga kiritish rad etilishiga asos bo‘lgan sabablar bartaraf etilgan taqdirda, ikki ish kuni davomida ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha dalolatnoma rasmiylashtirilgan holda hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish amalga oshiriladi.

Qayta ko‘rib chiqishda vakolatli davlat organi tomonidan muqaddam arizachiga yozma bildirish xatida bayon etilmagan rad etish sabablari ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Arizachi tomonidan mehmon uyini Reyestrga kiritish rad etilganligi to‘g‘risidagi yozma bildirish xatida ko‘rsatilgan muddat o‘tib ketgandan keyin topshirilgan ariza yangidan topshirilgan hisoblanadi va vakolatli davlat organi tomonidan umumiy asoslarda ko‘rib chiqiladi.

✅Mehmon uyi mazkur Nizomda nazarda tutilgan majburiy shart-sharoitlarga muvofiq bo‘lgan taqdirda, vakolatli davlat organi bir ish kuni mobaynida mehmon uyiga individual reyestr raqami bergan holda, mehmon uyini Reyestrga kiritadi va arizachiga Oilaviy mehmon uylari yagona reyestridan ko‘chirma beradi.

❌Reyestrga kiritish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish va ko‘chirma berish uchun to‘lov undirilmaydi.

Reyestrga avval kiritilgan ma’lumotlar o‘zgargan taqdirda, mehmon uylari egalari bunday o‘zgarish yuzaga kelgan vaqtdan boshlab uch ish kuni mobaynida, tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda, vakolatli davlat organiga ma’lum qilishlari shart.

Reyestrdan ko‘chirmani qayta rasmiylashtirish va berish vakolatli davlat organ tomonidan mehmon uyi egasining hujjatlarni qayta rasmiylashtirish to‘g‘risidagi arizasi va unga ilova qilingan hujjatlarni olgan kunidan boshlab bir ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.

Mehmon uyini Reyestrdan chiqarish quyidagi holatlarda amalga oshiriladi:

mehmon uyi egasi tomonidan Reyestrdan ixtiyoriy ravishda chiqarish to‘g‘risida ariza berilsa;

xususiy tadbirkorlik faoliyati tugatilsa yoxud oilaviy tadbirkorlik subyekti belgilangan tartibda tugatilsa;

vakolatli davlat organi tomonidan o‘rganish va mehmon uylarida yashayotgan shaxslarni anketalashtirish davomida mazkur Nizom talablarining surunkali ravishda buzilishi aniqlansa.

O‘rganish vaqtida aniqlangan buzilishlar mehmon uyi egasi tomonidan bartaraf etilgandan so‘ng u Reyestrga kiritish to‘g‘risida takroran ariza topshirishi mumkin.

Mehmon uylarining egalari:

faoliyatini qat’iy ravishda mazkur Nizom va turizm to‘g‘risidagi boshqa qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshirishi;

sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigiyena normativlari, shuningdek, epidemiyaga qarshi va yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi;

Mehmon uylari reyestriga kiritilgan ma’lumotlar o‘zgarganligi, shuningdek, o‘z faoliyatini tugatganligi to‘g‘risida uch ish kuni mobaynida vakolatli davlat organini yozma yoki elektron shaklda xabardor qilishlari shart.

Mehmon uylarining egalari qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

 

Oilaviy mehmon uylari faoliyatini tashkil etishda yaratiladigan majburiy sharoitlar

ro‘yxati

 

1.

Tashrif buyuruvchilar (turistlar) uchun sanitariya-gigiyena qulayliklarini tashkil etish:

1.1.

Umumiy foydalanish uchun sanitariya-gigiyena uzeli, vanna yoki dush kabinasining mavjudligi.

1.2.

Kanalizatsiya (suv chiqarish) yoki (axlat to‘kiladigan o‘rani tashkillashtirish yo‘li bilan) mahalliy inshootlarning mavjudligi.

1.3.

Yashash va jamoat joylarida tabiiy va sun’iy (shu jumladan fonarlar, shamlar va boshqa yoritish vositalaridan foydalanish hisobiga) yoritishning mavjudligi.

1.4.

Suv ta’minotining mavjudligi (shu jumladan suvni to‘plash uchun idishlar o‘rnatish yo‘li bilan).

2.

Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) xavfsizligini ta’minlash:

2.1.

O‘t o‘chirgichlar va tibbiyot dori qutisining mavjudligi.

2.2.

Shoshilinch yordam xizmatlarini chaqirish imkoniyati.

3.

Tashrif buyuruvchilarning (turistlarning) qulay va yaxshi yashashlari uchun sharoitlar tashkil qilish:

3.1.

Tutash hududning qulay va shinam bo‘lishi, oilaviy mehmon uyiga borish yo‘llari qattiq qoplamaga (shag‘alli, yog‘ochli) ega bo‘lishi kerak.

3.2.

Oilaviy mehmon uyining old tomonida “Oilaviy mehmon uyi”, “Semeyniy gostevoy dom” va “Family guesthouse” so‘zlarini o‘z ichiga olgan, oilaviy mehmon uyining o‘zbek, rus va ingliz tillaridagi nomi ko‘rsatib o‘tilgan ma’lumotlar taxtasining (o‘lchami — eng kamida 60 sm x 80 sm) mavjudligi.

3.3.

Oilaviy mehmon uyiga kirishda o‘zbek, rus va ingliz tillarida quyidagi ma’lumotlar yozilgan ma’lumotlar taxtasining mavjudligi:

Oilaviy mehmon uylari yagona reyestridan ko‘chirma nusxasi;

shoshilinch xizmatlarning va O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Call-markazining telefon raqamlari;

ko‘rsatiladigan xizmatlar preyskuranti;

ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tabiiy hodisalar, joylardagi xavflar to‘g‘risida ma’lumot.

3.4.

Umumiy foydalanish uchun mobil yoki statsionar telefon aloqasining mavjudligi.

3.5.

Yashovchilarni hisobga oluvchi maxsus elektron avtomatlashtirilgan dasturga ulanish. Butunjahon Internet axborot tarmog‘iga ulanmagan holatda yashovchilarni ro‘yxatga olish eng yaqin joylashtirish vositalari yoki turizm-axborot markazlari orqali tegishli hududiy ichki ishlar organlariga murojaat etgan holda amalga oshiriladi.

3.6.

Tashrif buyuruvchilarni (turistlarni) joylashtirish xonalarida karavotlar yoki matraslar, karavotlar / matraslar soni bo‘yicha choyshab-jildlar majmuining mavjudligi.