Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad Beruniy

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad (973.4.9, qadimgi Kot (Kat) shahri — 1048.11.12. G'azna (hozirgi Afg'onistonda) — ulug' mutafakkir olim, o'rta asrning buyuk daholaridan.

 Beruniy O'rta Sharqda ilk bora Yer Quyosh atrofida aylanishi mumkinligini aytib, Yerning aylana o'lchamini aniqlagan.

Beruniy geodezik va astronomik o'lchovlarning usullarini ishlab chiqqan hamda Yerning, yulduzlarning va tabiatning o'lchamlarini belgilab, dunyoning geotsentrik tizimini ma'qulladi.

O'z davrida foydalanilgan (astrolyabiya, kvadrant, sekstant) asosiy astronomik asboblarni mukammallashtirgan. 400 yil davomida dunyodagi eng katta hisoblangan radiusi 7,5 metrlik birinchi siljimas kvadrantni Quyosh va sayyoralarni kuzatish uchun ixtiro qilgan.

“Qadimiy xalqlar xronologiyasi” nomli ilk asarida (1000 yil) Beruniy o'sha davrlarda ma'lum bo'lgan barcha xalqlarga tegishli solnoma tizimlarini ta'riflab chiqqan.

Beruniy umumiy jahon xaritasi keltirilgan eng asosiy asari “Ma'sudning astronomiya va yulduzlarga oid qonuni” asarini yozadi.

Arab, fors, yunon, suriy va sanskrit tillarini bilgan va bir tildan boshqasiga tarjima qilishning tabiiy-ilmiy terminologiyalari qoidalarini ishlab chiqqan.

1030 yil yakunlangan “Hindiston” asarida hindlarning yashash tarzi, madaniyati va ilm-fanlari haqida batafsil ma'lumot bergan, ularning diniy-falsafiy tizimlarini bayon qilgan.

1035—36 yillarda Beruniy o'z ilmiy ishlarining ro'yxatini tuzadi. Bunda shu vaqtgacha yozgan Kitob va risolalari 113 taga yetgani ko'rsatilgan. Keyingi yozgan asarlarini ham qo'shsak, u qoldirgan ilmiy meros 152 kitob va risoladan iborat.

Beruniyning asarlari lotin, frantsuz, italyan, nemis, ingliz, fors, turk tillariga tarjima qilingan. Al Beruniyning ona shahri 1957 yil uning sharafiga Beruniy nomini olgan.